22 Temmuz 2022 14:06
Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mezbonligidagi sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov ishtirok etdi.
Unda mintaqaviy sheriklikni kengaytirish, xavfsizlikni ta’minlash va tahdidlarga qarshi hamkorlikni mustahkamlash masalalari, Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ilm-fan, ta’lim, mushtarak tarix, madaniyat, iqtisodiyot, atrof-muhit, transport, energetika infratuzilmasi va ommaviy axborot vositalari kabi sohalardagi hamkorlik shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
“Jahondagi mintaqamizga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan murakkab vaziyat bo‘yicha bugun bildirilgan fikr-mulohazalarni qo‘llab-quvvatlayman.
Xalqaro tartibotning oqibatlarini oldindan aytish qiyin bo‘lgan shiddatli transformatsiya jarayonlari kuzatilmoqda.
Biz global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi tobora ortib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli holatlar kuchayib borayotgani natijasida mamlakatlarimiz an’anaviy logistika zanjirlari uzilishi bilan bog‘liq muammoga duch kelmoqda, inflatsiyaning importi ortmoqda, oziq-ovqat va energetik xavfsizligiga nisbatan xavf-xatarlar bir necha bor ko‘paymoqda.
Bunday sharoitda Maslahat uchrashuvlari formati doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish zarurati yanada kuchaymoqda.
Shuni alohida qayd etmoqchiman, butun mintaqamizning tinchligi, barqarorligi va farovonligi jipsligimizga, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligimizga bog‘liq”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.