qirgizistonda-davlat-bayrogi-kuni-nishonlandi

Qirg'izistonda davlat bayrog'i kuni nishonlandi

Qirg'izistonda 3 mart - Davlat bayrog'i kuni munosabati bilan mamlakat bo'ylab rasmiy marosimlar bo'lib o'tdi

03 Mart 2021 18:16

Bugun, 3-mart kuni Bishkek shahridagi Ala-Too maydonida Davlat bayrog'i kuni qabul qilinganligining 29 yilligi nishonlandi.

Tadbirda poytaxt hokimi Baktibek Kudaybergenov, Qirg'iziston Respublikasi Qurolli Kuchlari Milliy gvardiyasi qo'mondoni Talantbek Ergeshov va boshqalar ishtirok etishdi.

Qozog'istonda davlat tashrifi bilan bo'lgan Qirg'iziston prezidenti Sadir Japarov bugun, 3 mart kuni qirg'izlarni Davlat bayrog'i kuni bilan tabrikladi.

“Qadim zamonlardan buyon bizning xalqimiz qizil bayroq ostida birlashib, mustaqil davlat, mustaqil xalq bo'lishga intilib, milliy sharafimizni baland tutmoqda. Tarixda hilpiragan qizil bayroq Qirg'iz davlatchiligining o'rnatilishi va ulug'lanishining inkor etilmaydigan dalilidir. Jasorat timsoli bo'lgan bayrog'imizning qizil rangi hech qachon so'nmasin, qadimgi qirq qabilaning farovonligi va birligini anglatuvchi quyosh nurlari hech qachon so'nmasin va birlikning ramzi bo'lsin. Millatimizning buyuk maqsadlarini, o'tmishi va kelajagini aks ettiruvchi ajdodlarimizning qizil bayrog'i abadiy hilpirasin!”- deyilgan prezidentning tabrigida.

Bosh vazir Ulukbek Maripovning ta'kidlashicha, Davlat bayrog'i kunini nishonlash vatanparvarlik va vatanga chinakam muhabbat ruhini o'zida mujassam etadi va muhim kunlar taqvimida faxrli o'rinni egallaydi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonning Davlat bayrog‘i 1992-yil 3-martda Oliy Kengash tomonidan tasdiqlangan.

Yangiliklar